Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan hamkorlik toʻgʻrisida
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) 1945-yil 16-oktyabrda Kanadaning Kvebek shahrida tashkil etilgan boʻlib, dunyoda ochlikka barham berish, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi masalalariga ixtisoslashgan xalqaro tuzilma maqomiga ega. Ushbu kun Butunjahon oziq-ovqat kuni sifatida nishonlanadi.
Tashkilotning qarorgohi Italiya poytaxti Rimda joylashgan. Uning aʼzolari 194 ta davlat va Yevropa Ittifoqi tashkiloti hisoblanadi. FAO 130 dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi.
FAOning maqsadi – barcha uchun oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, qishloq aholisining turmush darajasini yaxshilash, global iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish hamda ochlik va qashshoqlikka barham berishdan iborat. Tashkilot rivojlanayotgan davlatlarga qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va takomillashtirishda koʻmaklashadi hamda ilgʻor bilim, tajriba va axborot almashinuvini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston va FAO oʻrtasidagi hamkorlik
Oʻzbekiston 2001-yil 2-noyabrda FAO Konferensiyasining 31-sessiyasi qaroriga muvofiq ushbu Tashkilot aʼzoligiga qabul qilingan.
FAO Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini ishlab chiqishga munosib hissa qoʻshgan va uni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.
2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi FAOning Yevropa uchun 32-Mintaqaviy konferensiyasiga ilk bor raislik qilgan.
FAOning Oʻzbekistonda 2021-2025-yillarga moʻljallangan Mamlakat hadli dasturi (Country Progamme Framework) muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturda ikkita ustuvor yoʻnalish belgilangan:
- Salomatlik, farovonlik va barqaror taraqqiyotga eltuvchi inklyuziv inson kapitalini rivojlantirish;
- Iqlim oʻzgarishini inobatga olgan holda barqaror rivojlanish.
2014-yildan buyon FAO vakolatxonasi Toshkentda faoliyat yuritadi.