O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati italiyalik teletomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi

Italiyaning eng ommabop “RAI” milliy teleradiokompaniyasi tarkibiga kiruvchi «RAI Play» telekanalining “Kilimangiaro” teledasturi tomonidan Samarqand shahrining sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan reportaj namoyish etildi.
Italiyalik telejurnalist Mario Tossi tomonidan tayyorlangan ushbu telematerial boshlovchi Kamila Raznovich tomonidan teletomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi.
Unda mashhur Samarqand juda olis o‘tmish sivilizatsiyalari merosini o‘zida aks ettirishi alohida taʼkidlandi. Afsonalar va shoirlarning ertaklari shukuhi, karvonlarning ruhi uning bozorilarda yaqqol seziladi. Bu shaharda sayr qilgan kishi o‘zini xuddi 700 yil oldingi o‘tmishga tushib qolgandek his qiladi.
«Bugun bu shaharda Marko Poloning Markaziy Osiyoga qilgan sayohatlaridan keyin jahonni qoyil qoldirgan ulug‘vorlikni his qilish mumkin. Bu ulug‘vorlik, eng avvalo, ushbu shaharni o‘zining ulkan saltanati poytaxtiga aylantirgan Amir Temurning jasorati samarasidir», deya taʼkidlaydi boshlovchi.
Shuningdek, reportajda Samarqandning tarixiy durdonalari – Registon maydoni, Shoxi Zinda yodgorlik majmuasi, Bibixonim masjidi va boshqa tarixiy yodgorliklar haqidagi batafsil maʼlumotlarni tasvirlashga ham eʼtibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz: “RAI” teleradiokompaniyasi 1924 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng katta auditoriyaga ega. Kompaniya tarkibiga 27 ta telekanal va 14 radiostansiya kiradi. Kompaniyaning Rimda 5 ta vakolatxonasi, shuningdek, Italiyaning barcha mintaqalarida ko‘plab ofislari mavjud.