Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi Anqarada turk tilida chop etildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi Anqarada turk tilida, kitob shaklida chop qilindi va davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi arafasida ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, akademik doiralar va keng jamoatchilik vakillariga tarqatildi.
Turkiya parlamentida mazkur nashr taqdimotiga bagʻishlangan anjuman tashkil etildi.
Ekspert va tahlilchilar, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi vakillari, siyosatshunoslar qatnashgan tadbirda ushbu dasturilamal hujjatda mamlakatning yaqin kelajakdagi taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgani taʼkidlandi. Murojaatnoma mazmun-mohiyati anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Osman MESTEN,
Turkiya parlamentidagi “Turkiya — Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi raisi:
— Oʻzbekistonda aholi manfaatini taʼminlash yoʻlida barcha sharoit yaratilmoqda, parlament bu borada yangi qonunlar ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham asosiy eʼtibor mamlakatni yana-da rivojlantirish, xalq manfaatlarini taʼminlashga qaratildi.
Turkiya parlamentidagi “Turkiya — Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi raisi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan islohotchilik siyosatini qoʻllab-quvvatlayman. Bu borada Turkiya tajribasi bilan oʻrtoqlashishga, parlamentlararo hamkorlikni yana-da taraqqiy ettirishga doim tayyormiz.
Parlamentlarimiz kelgusida mamlakatlarimiz hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash yoʻlida aniq maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan. Bu ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari hamkorligi kundan-kunga rivojlanishiga taʼsir koʻrsatadi, albatta. Parlamentlararo hamda xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi oʻzaro aloqalarni yana-da chuqurlashtirish yuzasidan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettiramiz. Ikki mamlakat savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorligini faol qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan huquqiy asoslarni takomillashtirishga hissa qoʻshishga jiddiy eʼtibor qaratamiz. Bunda qonun chiqaruvchi organlar oʻrtasidagi aloqalar, parlamentlararo doʻstlik guruhlarining imkoniyatlaridan faol foydalanamiz.
Serkan KAYALAR,
Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ijrochi direktori:
— Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston chuqur islohotlar va taraqqiyot davrini boshladi. Harakatlar strategiyasi va boshqa koʻplab istiqbolli dasturlarga hamohang boʻlgan Oliy Majlisga Murojaatnoma mamlakat oldidagi yaqin istiqboldagi maqsad va vazifalarni aniq belgilab beruvchi “Yoʻl xaritasi”dir. Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi ushbu Murojaatnomada belgilab berilgan yoʻnalishlarda Oʻzbekistonga koʻmak berishga tayyor.
TIKA Oʻzbekistonda 1993-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Taʼlim, tibbiyot, malaka oshirish kabi bir necha yoʻnalishlarda maqsadli loyihalarni hayotga tatbiq etdik. Soʻnggi uch yil davomida loyihalarimizni -ishlab chiqishda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqlarida belgilangan vazifalarga alohida eʼtibor qaratdik. Shu maʼnoda, Murojaatnomaning turk tilida chop etilishi bizga qulaylik tugʻdiradi.
Soʻnggi yillarda faoliyatimiz natijalari birmuncha oʻsgan. Xususan, 2018-yil ikki davlat munosabatlarida tub burilish yasagan oliy darajadagi muzokaralar bizning loyihalarimizga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Yurtingizga zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari topshirdik, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda mobil Xalq qabulxonalari tashkil etishga koʻmaklashdik. Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan taraqqiyot rejalari ijrosiga biz ham oʻz hissamizni qoʻshishda davom etamiz. Kelgusi yillarda bunday loyihalarimiz yana-da koʻpayishiga umid qilamiz.
Muallif: “Dunyo” AA
Manba: "Xalq so'zi" gazetasi, 20.02.2020-y.