Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi (IFAD) 1974-yil oʻtkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat konferensiyasi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Ushbu Jamgʻarma oʻz faoliyatini 1977-yilda boshlagan. Uning qarorgohi Italiya poytaxti Rimda joylashgan.
IFAD – rivojlanayotgan davlatlarga BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida qishloq hududlarida qashshoqlik va kambagʻallikni bartaraf etishga moliyaviy resurslarni safarbar qiluvchi xalqaro moliya tashkiloti hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar Jamgʻarmaga 178 ta davlat aʼzo boʻlgan. Uning ishtirokida 100 ga yaqin davlatlarda loyihalar amalga oshiriladi. Dunyo boʻylab 40 dan ziyod vakolatxonalari mavjud.
Oʻzbekiston va IFAD oʻrtasidagi hamkorlik
Oʻzbekiston 2011-yil 19-fevralda IFAD Boshqaruv kengashining 34-sessiyasi qaroriga muvofiq ushbu Jamgʻarma aʼzoligiga qabul qilingan.
IFAD Oʻzbekistonning bogʻdorchilik va sutchilik tarmoqlariga uzoq muddatli imtiyozli qarz mablagʻlari ajratgan ilk xalqaro moliya instituti hisoblanadi.
IFAD Oʻzbekistonda 2023-2027-yilgacha moʻljallangan Mamlakat strategik imkoniyatlar dasturini (COSOP) muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu dastur quyidagi maqsadlarga qaratilgan:
- qishloq joylarda dehqon va kichik ishlab chiqaruvchilar barqarorligi va mahsuldorligini oshirish;
- qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish, innovatsiyalar va tadbirkorlikni yaxshilash;
- qishloq hududlarida inklyuziv islohot uchun qulay muhit yaratish.
2024-yil 17-iyunda IFAD vakolatxonasi Toshkent shahrida oʻz faoliyatini boshladi.