Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorlik toʻgʻrisida
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat dasturi (BOOD) 1961-yilda dunyodagi tabiiy ofatlar va qurolli toʻqnashuvlar qurbonlariga shoshilinch oziq-ovqat yordam koʻrsatuvchi gumanitar tashkilot sifatida tashkil etilgan.
Tashkilot qarorgohi Italiya poytaxti Rim shahrida joylashgan. 80 dan ziyod davlatda faoliyat yuritadi.
Uning vakolatiga dunyoda insonparvarlik yordamiga muhtojlik tendensiyalarini oʻrganish, oziq-ovqat yordami dasturlarini bevosita amalga oshirish, nochor davlatlar qishloq xoʻjaligini tiklash va rivojlantirish uchun texnik yordam koʻrsatish kiradi.
Tashkilot faoliyatining qariyb 80 foizi favqulodda vaziyatlarga duch kelgan mamlakatlarning muhtoj aholisiga gumanitar yordam koʻrsatishga qaratilgan.
BOOD faoliyatining boshqa yoʻnalishlari rivojlanayotgan mamlakatlarda maktabda ovqatlanish dasturlarini amalga oshirish, tabiiy ofatlarga qarshi kurashish choralari va xavflarini kamaytirish salohiyatini kuchaytirish va boshqa tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
2020-yilda BOOD dunyoning 84 mamlakatdagi 116 million aholisiga 4 million tonnadan ziyod oziq-ovqat yetkazib bergan. Oʻsha yili mazkur Tashkilot tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.
Oʻzbekiston va BOOD oʻrtasidagi hamkorlik
Oʻzbekiston va BOOD oʻrtasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishi afgʻon xalqiga kechiktirib boʻlmas xalqaro gumanitar yordamni yetkazish va uni yanada kengaytirishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Termiz xalqaro transport-logistika” xabi BOOD insonparvarlik yordamini manziliga yetkazish va millionlab afgʻonlar hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston mazkur BMT tuzilmasi orqali Afgʻonistonda yuzaga kelgan murakkab insonparvarlik vaziyatiga xalqaro hamjamiyatning diqqat eʼtiborini qaratib keladi.