CCC Group xalqaro kompaniyasi O'zbekistonga moliyaviy yordam yubordi

O'zbekistonning Rimdagi elchixonasi Covid-19 infektsiyasidan himoya qilishni tashkil etish borasidagi sa'y-harakatlar doirasida O'zbekistonga dori-darmonlarni, tibbiy buyumlarni, gigiena vositalari va shaxsiy himoya vositalarini keltirish masalasi bo'yicha Italiyaning "Sicon" kompaniyasi va uning bosh kompaniyasi "CCC Group" rahbariyati bilan muzokaralar tashkil qildi.
Natijada, "CCC Group" O'zbekistonga o'z xohishiga ko'ra pandemiyaga qarshi kurash uchun zarur materiallar, niqoblar va dezinfeksiyalash vositalarini sotib olish yoki boshqa maqsadlar uchun 100 000 AQSh dollari miqdorida bepul moliyaviy yordam yubordi.
"CCC Group" kompaniyasining O'zbekiston, Qozog'iston va MDH mamlakatlari bo'yicha mintaqaviy boshqaruvchi direktori Xisham Kavashning so'zlariga ko'ra, ushbu aksiya pandemiyaga qarshi kurashda O'zbekiston hukumatining sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlayotganining dalili.
X.Kavashning so'zlariga ko'ra, kompaniya tamoyillariga binoan, xorijiy mamlakatlarda loyihalarni amalga oshirishda, CCC Group va uning sho'ba korxonalari mahalliy aholiga grant yordamini ko'rsatadi, shuningdek tegishli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga hissa qo'shadi.
"CCC Group" kompaniyasi 1952 yilda tashkil etilgan. O'tgan davr mobaynida u 80 millatning 120,000 ishchilari bilan Yaqin Sharqdagi eng yirik muhandislik-qurilish korporatsiyasiga aylandi va shuningdek, dunyodagi profil kompaniyalarining eng yuqori ro'yxatida 17-o'rinni egalladi. Guruh Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrikaning, shuningdek MDHning 40 mamlakatida faoliyat yuritadi.
"CCC Group" O'zbekistonni xalqaro faoliyatini kengaytirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri deb biladi. Shu maqsadda, guruh Toshkent va Samarqandda o'z vakolatxonalarini ochdi va Markaziy Osiyoda ishlashi uchun respublikada mintaqaviy markaz yaratmoqchi.
Ayni paytda ushbu guruh "SUEZ" fransuz kompaniyasi bilan birgalikda konsortsiumda, 2022 yilda ushbu shaharda bo'lib o'tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitiga tayyorgarlik ko'rish maqsadida Samarqandda yo'l va suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo'yicha ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirishda qatnashmoqda.
Konsortsiumning tamoyili mahalliy pudratchilar bilan doimiy ravishda treninglar o'tkazish va infratuzilmani qurish sohasida ilg'or nou-xaularni ularga o'tkazishdir. Ushbu loyihani amalga oshirish Samarqand viloyati iqtisodiyotini rivojlantirishga va mahalliy qurilish kompaniyalarining professional darajasini oshirishga muhim hissa qo'shishi kerak.
Shu bilan birga, "CCC Group" kompaniyasi o'zining keng ixtisoslashuviga asoslanib, O'zbekistonda boshqa yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor.