Piza universiteti O‘zbekistonda geodeziya, kartografiya va kadastr sohalarida kadrlar tayyorlashga yordam beradi

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi va Davlat geodezkadastri bilan Piza universiteti rahbariyati hamda mutaxassislari o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan Yevropa Ittifoqi Erasmus + dasturining Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Uchrashuvda Toshkent shahrida Piza universitetining filialini tashkil etish loyihasining joriy holati va istiqbollari, shuningdek, karantin cheklovlarini hisobga olgan holda keyingi harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Universitet rektori professor Paolo Mansarella Piza universiteti Erasmus + dasturining qator loyihalari doirasida O‘zbekiston bilan uzoq vaqtdan buyon hamkorlik qilib kelayotganini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, universitet mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi strategik sherigi sifatida ko‘radi va munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishdan manfaatdor.
Professor Toshkent shahrida talabalar shaharchasini tashkil etish loyihasini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. U Piza universitetining ushbu loyihani xalqaro faoliyat doirasida ilgari surishga tayyorligini va qiziqishini tasdiqladi.
Shu bilan birga, rektor pandemiya bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish muddati nomaʼlum muddatga qoldirilishidan afsusda ekanini bildirdi. Loyihaning ro‘yobga chiqarilishi cho‘zilib ketmasligi uchun u amaliy hamkorlikni masofaviy tarzda boshlashni taklif qildi.
Xususan, masofaviy hamkorlik doirasida o‘zbekistonlik talabalarning onlayn tarzda tashkil qilinadigan tayyorlov kurslarida (Foundation Courses), keyingi bosqichda esa Piza universitetida tahsilni davom ettirishlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston yoshlari Piza universiteti dasturiga muvofiq geologiya ixtisosligi bo‘yicha geologiya, geodeziya, kartografiya va kadastr mutaxassisi bo‘lib yetishadi. Ushbu shakldagi tahsil allaqachon universitet bilan uning Luchcha shahridagi kampusi o‘rtasida amalga oshirilmoqda.
Piza universiteti dasturi majburiy va ixtiyoriy fanlarni o‘z ichiga oladi. Universitet O‘zbekiston tomoni uchun qulay bo‘lgan bir yillik tayyorlov kursi va 3 yillik bakalavr darajasi tahsilini birgalikda amalga oshirishga tayyor.
Masofadan o‘quvchi talabalar Piza universiteti tinglovchilari hisoblanadi va barcha xizmatlardan, shu jumladan raqamli kutubxona, dasturiy taʼminot, o‘quv serverlari, kasbiy pillapoya bo‘yicha tayyorlanishlardan foydalanishlari mumkin. O‘qishni tugatgandan so‘ng, ular xalqaro miqyosda tan olingan Italiya taʼlimi diplomlariga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, loyiha doirasida tajriba hamda fikr almashish uchun Italiya va O‘zbekiston geologlari, geograflari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Uchrashuv yakunida tegishli hujjatni ishlab chiqish va 2020-2021-o‘quv yilida loyihani boshlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
“Dunyo” AA