Italiyaning Florensiya shahrida O‘zbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi

O'zbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov II Santuccio assotsiatsiyasi prezidenti Leonardo Komuchchiga Italiyaning Toskana va Umbriya viloyatlaridagi (qarorgohi Florensiya shahrida joylashgan) O‘zbekistonning faxriy konsuli etib tayinlanganini tasdiqlovchi konsullik patentini topshirdi.
O‘zbekiston faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi Toskana viloyati hukumati binosida prezident (gubernator) Eujenio Jani, uning maslahatchilari va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Toskana Italiyaning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, Florensiya shahri uning maʼmuriy markazi hisoblanadi. Mintaqa o‘zining tarixi, badiiy merosi va jahon madaniyatiga taʼsiri bilan mashhur. Italiya Uyg‘onish davrining yetuk vakillari Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Bottichelli, Brunelleski, boshqa ko‘plab taniqli sanʼat va fan arboblari ushbu viloyatda yashab, ijod qilgan. Bu yerda YUNESKOning Jahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan 7 ta tarixiy inshoat mavjud. Toskana, shuningdek, Italiyaning iqtisodiy jihatdan rivojlangan mintaqalaridan biridir, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 7 foizi shu yerda shakllantiriladi.
Umbriya viloyati (markazi – Peruja shahri) ham Italiya markazida joylashgan bo‘lib, tarixiy shaharlari hamda universitetlar markazi bilan mashhur. Sanoat korxonalarida po‘lat va titan, avtomobilsozlik jihozlari, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari, dekorativ sopol ishlab chiqariladi.
Marosimda O.Akbarov Leonardo Komuchchiga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonidan imzolangan konsullik patenti hamda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi tomonidan berilgan konsullik ekzekvaturasini topshirdi.
O‘zbekiston elchisi Florensiyada faxriy konsulxona ochish to‘g‘risidagi qaror mamlakatimiz rahbariyatining Italiya bilan o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, ushbu jarayonga mintaqalarni jalb qilish va keng savdo-iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalardagi masalalalarni qamrab olishga bo‘lgan intilishining yana bir yorqin ifodasi ekanini taʼkidladi.
Florensiya shahrida 1996 yil O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Shu maʼnoda shahar mamlakatimiz uchun alohida ahamiyatga ega ekani bildirildi. Tarixiy va madaniy merosi bilan dunyoga tanilgan Toskana va Umbriya viloyatlari O‘zbekiston bilan iqtisodiyot, taʼlim va ilm-fanning qator yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega.
O‘z navbatida, gubernator Eujenio Jani O‘zbekistonning faxriy konsulxonasi ochilishini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi va Toskana viloyati hukumati uning faoliyatini rivojlantirishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini qayd etdi. Faxriy konsulxona Florensiya va Samarqand o‘rtasida 2012 yilda imzolangan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishga ham yordam beradi.
Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil iyul oyida Toskana viloyati ishbilarmonlari, maʼrifiy va madaniy doiralar vakillaridan iborat delegatsiyaning rahbari sifatida O‘zbekistonga safar qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Faxriy konsul Leonardo Komuchchi O‘zbekiston rahbariyatiga Italiyaning ikki viloyatida respublika manfaatlarini ilgari surish bo‘yicha berilgan vakolat uchun minnatdorlik bildirdi. U ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyat yurituvchi idoralari, kompaniyalari, korxonalari va banklari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish va ularni rivojlantirish, O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini taraqqiy ettirishga Italiya ishbilarmon doiralari vakillari, sarmoyalari va texnologiyalarini jalb qilish, shuningdek, Toskana va Umbriya viloyatlariga o‘zbek mahsulotlari eksportini ko‘paytirishga ko‘maklashishini bildirdi.
Leonardo Komuchchi - O‘zbekistonning Italiyadagi ikkinchi faxriy konsuli bo‘ldi. Vittoria Jorji mamlakatimizning Kampaniya va Molize viloyatlaridagi (idorasi Kazerta shahrida joylashgan) faxriy konsuli sifatida faoliyat yuritmoqda.