Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonda “Yil odami” deb eʼtirof etildi
Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida Ozarbayjonda nashr etiladigan “Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnalining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yil odami” deb eʼtirof etilishi hamda umuman Oʻzbekistonga bagʻishlangan maxsus soni taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda mamlakatimizda roʻyxatdan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, jumladan, qator xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari, mamlakatimiz tegishli vazirlik, idoralari masʼul mutasaddilari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
“Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnalining Ozarbayjon Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi hamda Elchixona huzuridagi Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniy markazi koʻmagida chop etilgan rus tilidagi maxsus sonida, jumladan, shunday soʻzlar keltirilgan:
“Tarixiy anʼanalarni tiklash yoʻlidagi sermahsul faoliyati, Oʻzbekiston Respublikasining siyosiy va iqtisodiy nufuzini jahon miqyosida oshirishdagi mislsiz saʼy-harakatlari, shuningdek Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Ozarbayjonning “Tarixiy shaxslar” xalqaro jurnali Tahrir hayʼati aʼzolarining yakdil qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda “Yil odami” deb eʼtirof etildi”.
Taʼkidlash joiz, Ozarbayjonda 2006-yildan buyon chop etiladigan ushbu jurnal anʼanaviy ravishda davlat rahbarlari va taniqli davlat arboblari orasidan “Yil odami”ni eʼlon qilib keladi. Hozirgacha bunday sharafli nomga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin singari shaxslar sazovor boʻlgan.
O'zA