O'zbekistonning Italiyadagi elchixonasi vatandoshlar bilan videomuloqot o'tkazdi

2020 yil 4 Aprel kuni O’zbekistonning Rimdagi elchixonasi Italiya oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan O'zbekistonlik talabalar bilan onlayn videomuloqot tashkil etdi. Unda O'zbekistonning Italiyadagi Elchisi Otabek Akbarov, “O'zbekiston Havo Yo'llari” aviakompaniyasining Rimdagi Vakili Hushnud Artikov, shuningdek, diplomatik vakolatxona Operativ shtabining boshqa a’zolari ishtirok etdilar.
O’z chiqishlarida va savol - javob sessiyasida vatandoshlarga “Covid-19” koronavirusiga qarshi kurashda O'zbekiston va Italiya hukumatlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, viza va yashash uchun ruxsatnoma muddatini uzaytirish to'g'risida batafsil ma'lumotlar berildi. O'zbekistonlik talabalarning Italiyaning davlat idoralari va universitetlar rektoratlari bilan aloqalarida, kundalik muammolarni hal qilishda va parvozlarni qayta tiklangandan so’ng ularning Vatanga qaytishlarini tashkil qilishda ko’mak ko'rsatishga tayyorlik bildirildi.

“Covid-19”ning Italiyada tarqalishi bilan bog’liq epidemiologik vaziyat barqarorlashguniga qadar joriy yil 1 Martdan boshlab diplomatik vakolatxonada tunu-kun faoliyat olib boradigan Operativ shtab ishlab turganiga alohida e’tibor qaratildi. Italiya hukumati tomonidan kiritilgan cheklov va profilaktika choralariga qat’iy rioya qilish tavsiya qilindi.
Videomuloqot davomida talabalar parvozlar qatnovini tiklanish muddati, koronavirus tarqalishi munosabati bilan O’zbekistonga jo’nab ketgan talabalarning Italiyaga qaytish tartibi, uzluksiz ta’limning istiqbollari va shakllari va boshqalar bilan qiziqdilar.
Talabalar ikki mamlakatdagi epidemiologik vaziyat yaxshilanganidan so’ng Italiyadan O’zbekistonga investitstiyalar va ilg’or texnologiyalarni jalb qilishda, yurtimizga Italyan sayyohlar oqimini ko’paytirishda shuningdek ushbu mamlakatga eksportni ko’paytirishda Elchixonaning faoliyatida ishtirok etishligi to’g’risidagi taklifni ijobiy qabul qildilar.
Shu bilan birga, ba’zi talabalar, masalan, Italiyaning nufuzli ilmiy markazlaridan biri - Triesta shahridagi Xalqaro Ilg’or Tadqiqotlar Institutida (SISSA) amaliyot o’tayotgan Jasurbek Bahramov, Italiyaning ta'lim, fan va raqamli texnologiyalar sohalaridagi ijobiy tajribasini jalb qilish uchun diplomatik vakolatxona bilan hamkorlikda ishlashga chaqirdi.

Videomuloqot ishtirokchilari o’zaro yordam ko'rsatishga va ma’naviy qo’llab-quvvatlashga, shu jumladan, yuzaga kelayotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni hal qilish masalalari bo'yicha bir-birlari bilan foydali ma'lumotlarni almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.